KOMMUNIKATIV NIYAT VA BAHO IJOBIYLASHUVI
Abstract
Kommunikativ niyat baholar oʻzgarishini pragmalingvistik jihatdan oʻrganishda muhim tushuncha sanaladi. Nutq vaziyati, unda til birliklarining qanday vazifada qaysi shaklda qoʻllanishi kommunikativ niyatga koʻra amalga oshadi. Shu jihatdan olib qaraganda, tilda soʻz yoki frazeologizm baholarining oʻzgarishini ham adresantning kommunikativ niyati belgilab beradi. Kommunikativ niyat tegishli til birligini adresant oʻzi istagan bahoda namoyon qilishga yoʻnaltiradi. Kommunikativ niyat asosida nutq vaziyati shakllantiriladi, tegishli baho oʻzgarishini ta’minlaydigan til birliklari nutq vaziyati uchun tanlanadi. Kommunikativ niyatsiz baho salbiylashuvi va ijobiylashuvi hodisalari yuzaga chiqishi mumkin emas. Adresant kommunikativ niyatiga mos nutq taktikalaridan foydalanadi. Demak, baho salbiylashuvi yoki ijobiylashuvi jarayoni kommunikativ niyatdan boshlanib, tegishli nutqiy taktikalar asosida soʻz tanlanadi va unga kommunikativ niyatga mos baho biriktiriladi. Shu tariqa nutq vaziyati shakllantiriladi va unda tegishli soʻz tegishli baho bilan namoyon boʻladi. Bu kabi bahoning oʻzgarishi jarayonida adresantning yoki tildan foydalanuvchi shaxsning til tizimiga maqsadli ta’siri aniq sezilib turadi. Mazkur holat ham tilning antropotsentrikligini asoslaydi.